

Philology · Research article · Open access
Maqolada Abdulla Qodiriyning «O‘tkan kunlar», «Mehrobdan chayon» romanlari va «Obid ketmon» qissasida qo‘llangan tarixiy leksika tadqiq etiladi. Uchala asar matnidan saralab olingan 165 ta tarixiy so‘z asosida izohli lug‘at tuzildi, so‘zlar 15 ta mavzuiy guruhga ajratildi. Har bir lug‘at maqolasi «so‘z – ma’nosi – asardan misol – sahifa» tartibida berildi. Tahlil natijalari ko‘rsatadiki, romanlarda XIX asr Qo‘qon xonligining davlat boshqaruvi, saroy hayoti, harbiy ish, sud-huquq, ta’lim, savdo va kiyim-kechakka oid so‘zlar yetakchilik qiladi, qissada esa sho‘ro davrining ijtimoiy-siyosiy tushunchalari bilan bir qatorda eski qishloq turmushiga xos so‘zlar uchraydi. Maqolada tarixiy so‘zlarning badiiy matndagi vazifalari, ularning kelib chiqishi va boshqa tillarga, xususan, ingliz tiliga o‘girish masalalari ham muhokama qilinadi.